A- A A+

Xotira va qadr

Yuragida qo’ri bor inson

on .

Mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, kon-metallurgiya sanoatini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va uning barqaror ishlashini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish yo’lidagi ulkan xizmatlari, tizimni tubdan takomillashtirish, jahon andozalariga mos yangi korxonalarni tashkil etish, strategik ahamiyatga ega bo’lgan mineral boyliklarni samarali o’zlashtirish ishlariga qo’shgan munosib hissasi, ko’p millatli mehnat jamoasida do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasidagi ibratli faoliyati uchun “Olmaliq KMK” AJning bir guruh xodimlari Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishganidan xabaringiz bor.

Quyidagi hikoyamiz yurtimizning yuksak e’tirofiga sharaf bo’lganlardan biri “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Mis eritish zavodi metallurgiya sexi erituvchisi Alijon Anorboyev haqida.

Har bir yutuqning ortida Inson turadi. Har qanday zamonaviy, taraqqiy etgan texnik jihoz bo’lmasin, agar inson aql-zakovati, mutaxassis bilimi pand bersa, hech narsaga erishib bo’lmaydi. Qudratli davlatning parchalanishi, iqtisodiy aloqalarning uzilishi sanoat korxonalarini muammolar girdobiga uloqtirgan bir davrda Alijon Anorboyev kombinat metallurglari safidan o’rin olishga azmi qaror qildi. Qiyinchiliklar domiga tushib qolgan korxona rahbariyati o’zimizning mahalliy kadrlarga ish o’rgatish, sanoatning sir-sinoatini ularning qoniga singdirish vaqti kelganini anglagan edi. Bugun esa muvaffaqiyatlarga erishib ishlayotgan yosh, talabchan, intiluvchan milliy kadrlar - metallurglar, erituvchilarni MEZda istagancha topish mumkin. Ana shu milliy kadrlar, ya’ni tajribali mutaxassislarning betinim mehnati, uyqusiz tunlari evaziga kombinat mis ishlab chiqarish tizimi o’zining yangi bosqichi sari qadam tashladi, deb aytish mumkin. Shotursun Shonasirov, To’xtash Hayitqulov, Qo’chqor Sherov va Qayum Mavlonov kabi O’zbekiston metallurgiyasining tamal toshini qo’ygan mutaxassislar bilan yelkadosh bo’lib ishlash baxti Alijon Munavvarovichga nasib etgan.

- Ustozlarimdan o’zlashtirgan oltin qoida - hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun uch narsa muhimligi bular - diqqat, intizom va doimiy harakatda bo’lish bo’lib qoldi, - deydi biz bilan suhbatda Alijon Anorboyev. - Mis ishlab chiqarish tizimi mukammal bo’lishida mis erituvchilarning o’ziga xos mavqei bor, albatta. Qo’llanilayotgan barcha texnologik jarayonlar o’ta mas’uliyatli va nozik jihatlarga ega. Shu kunlarda ko’z oldimizda, bevosita ishtirokimizda rangli va nodir metallar olishning yangi samarali uslublarini joriy etish, sex va uchastkalarni texnik va texnologik qurollantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash borasida inqilobiy ishlar olib borilmoqda. Bu kishida ertangi kunga bo’lgan ishonch tuyg’ularini mustahkamlaydi. Ishonch esa maqsad va dovonlarni zabt etishda bosh omil vazifasini o’taydi.

Kuydirilgan va kuydirilmagan misli boyitmalarni eritishda dunyoda keng qo’llanilib kelinayotgan issiqliq agregatlaridan biri hisoblangan yallig’-qaytarish pechini ekspluatatsiya qilish qahramonimiz va uning hamkasblari zimmasiga yuklatilgan. Bir vaqtning o’zida erituvchi kasbida mehnat faoliyatini boshlagan Nizom Jo’rayev va Bahrom Safarovlar suyuq holdagi konverter toshqoli(shlaki)ning aynan yallig’-qaytaruvchi pechlarda qayta ishlanishi va uning tarkibidagi mis, oltin, kumush va oltingugurtlarning shteynga o’tishi jarayonlarini boshqarib borishadi. Alijon Anorboyev ana shu qadrdon hamkasblariga hamisha suyanib keladi. Ulardagi matonat, malaka, o’zaro hurmat va hamjihatlik hislatlari qahramonimizga doimo kuch-quvvat, g’ayrat-shijoat bag’ishlab, o’z kasbiga, qolaversa jamoasiga bo’lgan mehrini hamon oshirib keladi. Yarim yo’lda tashlab qo’ymaydigan jamoadoshlarining har jabhada hammaslak bo’lishi uni faqat muvaffaqiyatga olib boradi. Alijon Anorboyev o’ziga berilgan mukofotni eng avvalo smenadosh hamkasblarining mehnatiga bo’lgan e‘tirof deb hisoblaydi.

Sodda, kamtarin mehnat kishisi bilan suhbatlashar ekanmiz, hayotiy qarashlaridagi samimiylik, halollik va mehnatsevarlik fazilatlari uchun munosib martabaga erishganiga guvoh bo’lamiz. Yuragida qo’ri bor insonning qo’li ham taftli. Elning fidokorlari qatorida bo’lgan Alijon Anorboyev timsolida nurafshon kunlar, osuda tunlar, yorug’ ertamizning shukronasini ko’ramiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech