Xotira va qadr

Xayrli mehnat kishisi

on .

Mehnat barcha zamonlarda buyuk huquq va zaruriyat sanalgan. Shaksiz, dunyoning tamali mehnat asosiga qurilgan.

Ana shunday zalvorli mehnatlari bilan el-yurt hurmatiga erishib, “Olmaliq KMK” AJning 70 yilligi munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan fidoyi ishchi-xodimlar haqida hikoyamizni davom ettirgan holda Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi Temirchilik-payvandlash sexi chilangari Turg’unbek Azimov hayot faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Metallar va ular asosida olinayotgan qotishmalarning insoniyat faoliyatida, turmushida ishlatilmaydigan sohasini topish qiyin. Ular konstruktsiyali materiallar, mashinalar, apparatlar, transport, aloqa, qurilish kabi minglab sohalarda juda keng ko’lamda ishlatiladi.

Turg’unbek Azimov OKMKning bosh ta’mir korxonasida mehnat faoliyatini bundan o’ttiz ikki yil avval boshlaganida norg’ul, o’ktam yigit edi. Hayotning yiqilish, tiklanish va yuksalish pillapoyalariga ilk qadamini qo’ya boshlagan o’sha kezlarda ustozi Grigoriy Kogayning o’git va daldalari qo’l keldi. Oradan ko’p o’tmay, pakovkalar, elektr shlakli quymalar, nostandart metall qurilmalari, detallarni tayyorlash borasida jamoaning eng yaxshi ishchilaridan biriga aylana oldi.
Abdumajit Samadov va Abdukarim Saidqulov kabi hammaslak hamkasblar bilan jamoada ahillik va yaratuvchanlik muhitini yaratishga erishdi. Bugunga kelib diskli arralar, gilьotin qaychilari, turli bukish va kesish dastgohlarini ishonch bilan boshqarayotgan Dilmurod Masadiqov, Axyor Qarshiboyev. Eldor Mirusmonov, Jahongir Shokirov va Serjan Hudoyqulov kabi shogirdlari qatordan o’rin olishganidan huzur topadi. Aynan kasbga sadoqati, halol mehnati evaziga shaxsiy hayoti ham bir royishda borganiga mukofot bo’lsa ajabmas.

“Oila, turmush - bu “ular uzoq va baxtli yashashdi” deyilgani bilan uning o’ziga yarasha tamal toshlari bor”, deydi hikoyamiz qahramoni Turg’unbek aka. Darhaqiqat, bu ijtimoiy foydali mehnat, shaxsiy munosabatlardagi o’zgarishlar, sinovlarga tayyor turish hamdir. Munosabatlar vaqt bilan sinaladi, toblanib boradi. Bir-birini sevishga, qadrlashga o’rgangan insonlarga taqdir ulug’ maqsadlar va imkoniyatlar eshigini ochadi. Keyingi yillarda shaharlar qiyofalari o’zgarib bormoqda, bilim va aql ham o’z qadrini topayapti. Intilganning murodi hosil bo’lmoqda. Bu hislat shahrimizdagi Abdulla Qodiriy mahallasida yashab kelayotgan Azimovlar oilasiga ham xos. Deyarli otasiga hamkasb bo’lgan Sherzod Mis boyitish fabrikasida gazelektrpayvandlovchi, uning ukasi Farxod Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasida elektrovoz mashinisti yordamchisi. Oilaning ikki qizi pedagogika yo’nalishida faoliyat yuritishadi. Turg’unbek akaning turmush o’rtog’i ayni kunda uy bekasi sifatida shirindan-shirin nabiralar o’y-tashvishlari bilan band.

Xushxabar, ezguliklarni sog’inib yashaydi, inson. Turg’unbek Azimov singari insonlar mehr-muhabbati va g’ayrati, fidoyi mehnati bilan butun jamiyatda poklik, halollik, samimiylik va adolat muhitini saqlab turadilar. Kombinatning 70 yilligi arafasida uning ko’ksini bezagan “Do’stlik” ordeni ana shu olijanob hislatlar uchun munosib mukofotdir.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech