Xotira va qadr

Sizlar bor ekan, hayotimiz farovon bo’laveradi

on .

Ayni kunlarda yurtimizning eng ulug’ bayramlaridan biri - qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning timsoli bo’lgan 9 may - Xotira va qadrlash kuni an’analari keng davom etmoqda. Ushbu pallalarda inson sha’ni yuksalgan va mehnati qadr topgan yurtimizda keksalarimizni e’zozlash, ularga alohida ehtirom ko’rsatish, o’tganlarni yod etish muqaddas qadriyatimizga aylangan.

Qutlug’ bayram, shuningdek shonli g’alabaning 75 yilligi arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida jasorat ko’rsatgan piru badavlat keksalar va mehnat faxriylari, baynalminal jangchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg’iz pensionerlarning holidan xabar olinib, ularga alohida ehtirom ko’ratilmoqda. Aslida ham bugungi dorilomon kunlarimiz uchun kurashgan nuroniylarimiz har qancha e’zozga, har qancha ehtiromga loyiqdirlar.

Xususan, kombinat korxonalari kasaba uyushmalari qo’mitalari, Yoshlar ittifoqi raislari va a’zolari yordamida keksalar xonadonlariga tashrif buyurilib, oziq-ovqat jamlamalaridan iborat bayram tuhfalari o’z egalariga topshirilmoqda. Bunday e’tibordan ko’ngillari tog’dek ko’tarilgan onaxon-u otaxonlar qo’llarini duoga ochishib, shunday dorilomon kunlarga sog’-salomat yetib kelganliklariga shukronalar keltirib, barcha g’amxo’r insonlarga o’z tashakkurlarini bildirishmoqda.

Osmoni hamisha beg’ubor va musaffo bo’lgan jonajon O’zbekistonimizda Sizlardek fidoyi, mehnatkash hamda duogo’y nuroniylarimiz bor ekan, albatta, mustaqilligimiz abadiy, hayotimiz farovon, taraqqiyotimiz bardavom bo’laveradi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech