http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

“Yoshlik I”- istiqbollar sari odimlayotgan kon

on .

2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish asosiy ustuvor yo’nalishlar sifatida belgilangan.

Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030 yilgacha bo’lgan davrda rivojlantirish dasturi shaksiz OKMK tarixida yangi davrni boshlab berdi.

2028 yilda to’liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Yoshlik I” konini o’zlashtirish uchun 1,7 mlrd. dollarga yaqin, “Yoshlik II” koni uchun 420 mln. dollar miqdorida mablag’ ajratiladi. 2017 yilning 11 avgustida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning OKMKga tashrifi davomida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” investitsion loyiha ijrosiga, yangi kon boyitish kompleksi qurilishiga start berildi. “Yoshlik I”, “Yoshlik II” konlarini o’zlashtirish, umuman, mazkur loyihaning amalga oshirilishi yiliga 500 million dollardan ortiq mahsulot sotish, xususan, mis ishlab chiqarishni 1,5 barobar, qimmatbaho metallarni 40 foiz oshirish imkoniyatini beradi. Bu esa yiliga 28 million tonna rudani qayta ishlab chiqarishdan dalolat beradi. SHu bilan birgalikda bir qator yangi korxonalar, ijtimoiy-maishiy ob’ektlar qurilishi ko’zda tutilgan ushbu loyiha ijrosi yo’lida ishlar bugun qizg’in pallaga kirgan.

“Yoshlik I” koni karyer boshlig’i Sarvar Umarov va karyer bosh muhandisi Komil Aldiyorovlarni ustki qatlamlarni ochish kon-kapital ishlari qizg’in olib borilayotgan 650-gorizontda uchratamiz. Ustki qatlam jinslari ortilgan ko’p tonnalik BelAZlarning tinimsiz harakati, og’ir siltanib ortish ishlarini amalga oshirayotgan ekskavatorlar, bir maromda burg’ulash quduqlari tubini parmalab borayotgan burg’ulash uskunalari oddiy kon ishlab chiqarish manzarasini o’zida namoyon etadi. Aslida esa ortib jo’natilgan har bir kub tog’ jinsi ortida konchilarning mashaqqatli va mardonavor mehnati yotadi. IZ-Kart EKS kompaniyasi mahsuloti bo’lgan eng zamonaviy ekskavatorlarning 12 tasidan ayni damda “Yoshlik I” konida foydalanib kelinmoqda. Bir ish smenasi mobaynida bitta ekskavator 90dan ziyod BelAZga tog’ jinsini yuklab berishini matonatli mehnat mahsuli sifatida baholash lozim. Brigada yetakchisi Zuhriddin Madiyarov rahbarligidagi 2-Y ekskavatori yordamida ustki qatlam jinslarini temiryo’l transport vositalariga yuklab berish amalga oshiriladi. Karyerda burg’ulash ishlarini olib borish uchun 7 ta SBSH250-32 m. rusumli burg’ulash uskunalari qo’llaniladi. Burg’ulovchilar zimmasiga bir oyda 24.500 p/m.ga teng burg’ulash ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan. Burg’ulash uskunasi mashinisti No’’mon Abdulahatov va uning yordamchisi Anvar Erkinboyevlarga ishonib topshirilgan 5-Y burg’ulash uskunasida ish samaradorligi o’tgan hisobot oyida 3500 p/m.ni tashkil qilgani diqqatga molik natijadir. Har bir ish kuni uchun 40dan ziyod ko’p tonnali BelAZ-75131 o’ziag’daruvchi avtogigantlar hamda o’ndan ortiq maxsus texnikalar yordamida kon-kapital ishlari jadal olib borilmoqda. Davronbek Usmonov, Hamroqul Hayitboyev va Sanjar To’xtaboyev kabi haydovchilar o’z avtotransport vositalarida konchilar bilan uyushqoqlikda mehnat qilib kelishmoqda. Karyer marksheyderi Po’lat Xo’jaqulov va geolog Abduqodir Abdurazzoqovlar ustki qatlamlarni ochish, kon-qazib olish ishlarini rejalashtirishda o’z o’rniga ega bo’lgan mutaxassislar hisoblanishadi. Kon texnikalarining malakali mutaxassisi, karьer bosh mexanigi Mavlon Uralov boshchiligida yuqori sifatli ekspluatatsion xizmatlar ko’rsatib kelinayapti. Kon ustasi Mirza Po’latov va burg’ulash ishlari ustasi Behzod Almatov rahbarligidagi konchilar smenalarida yuqori ishlab chiqarish ko’rsatkichlari ta’minlanmoqda.       

“Olmaliq KMK” AJ oldida turgan birinchi galdagi hamda yaqin yillarda amalga oshirilishi ko’zlangan vazifa - ishlab chiqarishni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettirish, samaradorlikni oshirish, yangi ishlab chiqarish turlarini tashkil etish, mis-molibden, tarkibida oltin bo’lgan va polimetall rudalarni qazish hamda qayta ishlash hajmini oshirish va ular asnosida tayyor mahsulotlar turini ko’paytirish hisoblansa, ana shu istiqbolli maqsadlarning bosh bo’g’inida “Yoshlik I” koni  turadi. Shu kunga qadar 5,3 mln. m3 o’rniga amalda 7,2 mln. m3 ustki qatlamlar olib chiqilib, mazkur yo’nalishdagi ko’rsatkichlar 138,5%ga ortig’i bilan uddalangani OKMKning davlatimiz rahbari va hukumatimiz topshiriqlarini sharaf bilan uddalashga astoydil bel bog’laganidan dalolat beradi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech