A- A A+

Yangiliklar

Davr bilan hamnafaslikda

on .

Tog’-konchilik korxonasini burg’ulash-portlatish ishlarisiz tasavvur qilish qiyin. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 1990 yillar o’rtalarigacha mazkur yo’nalishda olib borgan ishlari faqat va faqat jismoniy mashaqqatlar va ortiqcha sarf-harajatlar evaziga amalga oshirilgan.

1995 yil yanvarida OKMK va “ITS Assoshieyts” kompaniyasi o’ratasida ish quvvati yiliga 40 ming tonnaga teng bo’lgan emulsiyali portlatish moddalari ishlab chiqaruvchi zavod faoliyatini yo’lga qo’yish yuzasidan shartnoma imzolandi. Yosh mustaqil davlatning iqtisodiy og’ir sharoitida yetakchi xorij kompaniyasi bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi o’sha davr uchun chinakam jasorat edi.

“ITS Assoshieyts” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarish modellari, mahsulotlarni qadoqlash liniyalari, komponentlarni uzatib beruvchi jihozlar, nasoslar, dozator qurilmalar hamda zarur texnik hujjatlar yetkazib berildi. Kombinat tomonidan esa bino, inshootlarni bunyod etish muhandislik tarmoqlarini yotqizish ishlarini o’z muddatida bajarishga muvaffaq bo’lindi. 1997 yilning avgust oyida igdanit va emulsiyadan iborat tarkibdagi emulьsion portlatish moddasining dastlabki tonnalari olingan bo’lsa, sentyabrь oyiga kelib Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat O’zbekistonda, balki Sobiq ittifoqda birinchilardan bo’lib o’zining emulsion portlatish moddalari zavodiga ega bo’ldi. Oradan qariyb 32 yildan ortiq vaqt o’tgan bo’lsada kombinatning EPM zavodi OKMK ni respublikamizning bir qator kon va karьerlarini portlatish vositalari bilan barqaror ta’minlab kelmoqda. Ayni kunga kelib korxona bosh muhandisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan A. Goloktionov, portlatuvchilar O. Nazaraliyev va A. Sheranov, apparatchi Sh. Alimov, ta’mirchi-chilangar B. Tilyaupovlar korxona ishga tushirilishining ishtirokchilari sifatida tarix sahifasidan joy olishgan.

Dastlabki yillarda kombinat ochiq karyerlari burg’ulangan quduqlarini zaryadlash uchun “Amirend” firmasining 4 ta aralashtirish-zaryadlash mashinalaridan foydalanib kelingan bo’linsa, ayni damga kelib korxona transport parki 15 ta zamonaviy maxsus avtotransport texnikalari bilan qurollangan. Abdumalik Begmatov rahbarlik qilib kelayotgan avtokolonna jamoasi konlarga portlatish moddalarini betalofat yetkazib berish, quduqlarni zaryadlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda. I.Ergashev, A. Hayitaliyev, R. Isayev, R. Mo’minov, U. Masadiqov, E. Sultonov, T. Hoshimov, N. Alimov, S. Toshpo’latov, A. Iskandarov kabi haydovchilar nafaqat xavfli yukni o’z manziliga yetkazish, balki maxsus dastur asosida boshqariladigan boshqaruv tizimining operatorlari ham hisoblanadi. So’nggi yillarda transport parkimizning yangi texnikalar bilan boyib borayotgani mazkur ish uchastkamiz ko’rsatkichlari keskin ortishiga bosh omil bo’ldi. Asosiy texnologik va ishlab chiqarish jarayonlari amalga oshiriluvchi emulsion portlatuvchi moddalar ishlab chiqarish uchastkasi tomonidan xom ashyolarni qayta ishlash, mahsulotlarni tayyorlash, komponentlarni saqlash, transportirovka qilish kabi vazifalar bajarib kelinayotgani ushbu uchastka faoliyatining keng qamrovidan dalolat beradi.

EPM ishlab chiqarish uchun donabaylangan ammiak selitrasi, dizel yonilg’isi va uksus kislotasi keng qo’llaniladi. Bu xom ashyolar asosan mahalliy korxonalardan olinishi evaziga mahsulotlar tannarxi keskin tushirilib, yirik miqdorda valyuta mablag’lari iqtisodiga erishilmoqda. Xorijdan keltirilayotgan xom ashyolarning ulushi mahsulot salmog’ida 10%dan oshmasligi e’tiborga molikdir. Portlatish ishlarini amalga oshiruvchi korxonalarning OKMK yuqori sifatli portlatuvchi moddalariga talabi yuqori bo’lib qolayotganligi mazkur uchastka mehnatiga berilgan yuksak e’tirofdir. Uchastka boshlig’i v.b. Abror Xolmatov, yetakchi muhandis-texnologi Lenura Abdullaeva uchastkaning yuqori malakali muhandislari sifatida ham ehtirom qozongan. Keltirilayotgan xom ashyolar, ishlab chiqarish jarayoni bo’g’inlaridagi jarayonlar hamda yakuniy mahsulotlar sifatini doimiy nazorat qilib borish korxona laboratoriyasi mudiri Iqbol Aliqulova va laborant Gulchehra Mavlyanovalar zimmasiga yuklatilgan. Ilg’or laboratoriya jihozlari, dasturiy mahsulotlar va tadqiqot uslubiyotlariga tayanilgan holda olib borilayotgan tahlillar ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ommaviy portlatish ishlari mukammal ishlab chiqilgan texnik hujjatlar, portlatish-burg’ulash ishlari loyihalari va bazaviy hujjatlar asosida yuksak mas’uliyat va talabchanlik bilan olib borilishi shart. Korxonamizning yana bir yetuk muhandis-texnik xodimlaridan biri bo’lgan Ibragim Saparmatov boshchiligidagi portlatish ishlarini amalga oshirish uchastkasi korxonaning monolit, yakdil jamoasiga aylangan. Kombinatning barcha ochiq kon va karyerlarida amalga oshirilayotgan portlatish ishlari qazib olinayotgan rudalar talabga muvofiq hajm va o’lchamlarda bo’lishini ta’minlash bilan birga ma’danlarni yuklash va jo’natish vazifalari sifat ko’rsatkichlarida o’z aksini topayapti.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining mahalliylashtirish dasturi asosida 2015 yildagi investitsiya dasturiga kiritilgan “Patronlashtirilgan portlatish moddalari ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish” loyihasi 1,2 ming tonna miqdorida mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish bilan birga import sarf-harajatlarini 1,1 mln. dollarga qisqartirgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Korxona o’z faoliyatiga asos solingan dastlabki yillarda OKMK uchun batamom yangi yo’nalish bo’lgan ishlab chiqarish tizimini yo’lga qo’yish sharaf bilan uddalangan bo’lsa, bugungi kunga kelib mahalliy xom ashyolardan keng foydalanish, importga bog’liqlikka barham berish, ish quvvatlarini keskin oshirish maqsadida izlanishlarga keng o’rin berilgan. Zero, yaqin yillar davomida kombinat yer osti va usti konlari soni hamda ularning portlatuvchi moddalarga bo’lgan talab va ehtiyoji ortib bormoqda. Murakkab texnologik jarayonlarga poydevor o’rnatgan malakali xodimlar tajribasini iqtidorli va serg’ayrat yoshlarga meros qilib qoldirish, yetuk va malakali xodimlar zahirasini yaratish borasida katta hajmda ishlar olib borilmoqda. A. Abdullayev, A. Yunusov kabi portlatuvchilar, gazelektrpayvandlovchi A. Marasulov, MM va XT muhandisi A. Boyirovlarga korxonaning munosib vorislari sifatida qaraymiz. Jamoamiz zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Biz oldinga intilgan holda yangi marralarni maqsad qilganmiz. Zavod istiqbolini belgilaydigan yaqin davr uchun mo’ljallangan loyihalarimizga tayanib biz o’z ertamizga ishonch bilan qaraymiz. Respublikamizdagi birinchi portlatish korxonasi bo’lish jamoamiz zimmasiga tushgan mas’uliyat bo’lgan bo’lsa, shu nomga uyg’un holda yuksalib borish, ona-yurtimiz qa’rida yastanib yotgan boyliklarni yuzaga chiqarish Portlatish materiallari zavodi mehnat jamoasining pirovard maqsadi bo’lib qolaveradi.

Ulug'bek TESHABOYEV

Portlatish materiallari zavodi direktori

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech