http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Yillar irodasini toblagan ayol

on .

Dunyoda kasblar ko’p. Lekin har qanday kasbni egallashda ham yo’l-yo’riq ko’rsatuvchi, kasb sir-asrorlarini o’rgatuvchi kishilarning xizmatlari hurmat-ehtiromlarga loyiqdir.

Ayniqsa, yelkasiga mas’uliyatli kasb zalvorini olib, erkaklar bilan yelkama-elka turib ishlab, korxonasining yillar davomidagi muvaffaqiyatlariga beminnat hissasini qo’shib kelayotgan va ko’plab yoshlarga o’z tajribalaridan saboq berayotgan murabbiy ishchi-ayollarning mehnatlarini e’tirof etmay iloj yo’q.

Ellik yosh ostonasidan xatlaganida ham hamon shogirdlari bilan bir safda hormay-tolmay mehnat qilayotgan, o’zining butun kuch-quvvatini soha rivojiga va shogirdlari kamoliga baxshida etayotgan tajribali apparatchi, “Do’stlik” ordeni sohibasi, qariyb 35 yil Chirchiq shahridagi O’zbekiston o’tga chidamli va qiyin eriydigan metallar kombinati, hozirgi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida turli vazifalarda ishlab kelgan Muhabbat Mahmudovani ana shunday ayollar toifasidan, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Mehnat faoliyatining asosiy yillarida sex pechlari texnologik jarayonlari aniqligi va qat’iyligini ta’min etib kelgan Muhabbat Risqitullaevnaning kasbiy mahorat bo’yicha oldiga tushadigani jamoada saragina. O’z kasbiga sadoqatli, serg’ayrat apparatchi sexdagi barcha pechlar ishini mukammal o’zlashtirgan. Texnologik talablardan og’ishmagan holda jarayonlarni amalga oshirishda uning tajriba va ish uslubi doimo qo’l keladi.

Muhabbat opa singari zahmatkash hamkasb apparatchilarning talabchanligi, ishchanligi va fidoiyligi tufayli bugun jamoa ahli yuksak mehnat zafarlarini qo’lga kiritib kelayapti. Bu yutuqlar bugungi kunda lavhamiz qahramoni bilan aynan bitta korxonada mehnat qilib kelayotgan turmush o’rtog’i Abdurashid Mahmudov, opasi Mahsuda Sariqova, qizi Nigora Mahmudovalar uchun ham muhim ahamiyatga egadir.

Ayni damda apparatchi uchun jonajon ish joyi ikkinchi uyi bo’lib qolgan. U farzandlari, ro’zg’ori uchun qanday qayg’ursa, qadrdon jamoasi, kasbiy vazifalari uchun ham shunday qayg’uradi.

Yillar Muhabbat Risqitullayevnani bilimini charxlab, tajribasini oshirib, irodasini sinovdan o’tkazdi. O’z kasbiga muhabbat, har qanday vazifa oldida ikkilanmay ish yuritishi uning martabasini yanada oshirib bordi. Ana shu martaba esa kombinatning 70 yillik yubileyi to’yida Muhabbat opa ko’kragini “Do’stlik” ordeni bilan bezadi.

Fursatdan foydalanib, Muhabbat Mahmudovani shu kunlarda kutib olinayotgan O’zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan qutlab qolamiz. Ishlariga rivoj, kasbi koriga baraka va oilasiga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz.

Zahro RAHMONOVA,

Rangli metallar gazetasi bosh muharriri

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech