http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Dastlabki namuna montaji boshlandi

on .

O’tgan yil yakunida “Olmaliq KMK” AJ va Rossiya Federatsiyasining tog’-kon uskunalari va texnikalarini ishlab chiqaruvchi “IZ-KARTEKS” korxonasi bilan imzolangan shartnomaga asosan, ijorsklik mashinasozlar tomonidan uch yil davomida 16 ta EKG-20A ekskavatorlarini yetkazib berish ko’zda tutilgan.

Joriy yilda 7 ta, 2021 va 2022 yillar mobaynida mos ravishda 4 ta va 5 ta karyer texnikalarini OKMK qabul qilib olishi kerak. So’nggi o’n yil ichida “IZ-KARTEKS”dan 38 ta turli rusumdagi ekskavatorlar keltirildi. Ushbu korxona Rossiya Federatsiyasining yana bir yirik korxonasi “Uralmashzavod” tomonidan avtomatlashtirilgan 20 ta yanchish va g’alvirlash komplekslarini “Olmaliq KMK” AJga yetkazib berish majburiyatini olgan.

O’tgan haftadan boshlab ijorsklik mashinasozlar yuborgan dastlabki EKG-20A ekskavatorini montaj qilish ishlariga Ixtisoslashtirilgan ta’mir ishlari boshqarmasining tog’-kon uskunalarini ta’mirlash va montaj qilish bo’yicha 8-uchastkasi tomonidan kirishildi.

- EKG-20A ekskavatorlari eng yirik zanjir tasmali, kovsh hajmi 20 m3 tashkil qiladigan, murakkab iqlim sharoitlarida ekspluatatsiya qilish mumkin bo’lgan, dvigateli quvvati 2250 kVt, sof og’irligi 1050 tonnani tashkil etuvchi eng zamonaviy kon texnikalari sirasiga kiradi, - deydi ITIB 8-uchastkasi boshlig’i v.b Ulug’bek Mullajonov. - Shu kunga qadar uchastkamiz ta’mir-montajchilari tomonidan 16 ta EKG ekskavatorlari yig’ilib, foydalanishga topshirilgan bo’lsa, EKG-20A avvalgi modellardan o’ziga xos jihatlari bilan farq qiladi. Ayni kunda montaj qilish ishlariga kirishilgan EKG-20A burilish mexanizmi kovkalangan tish-botiqli chambarak bilan jamlangan. Bu ekskavatorning eng muhim ish qismining ishlab berish muddatini oshirishga xizmat qiladi. Kuzov, burilish ramasi, yoy, yirik hajmli kovsh va zanjir tasmalari hamda pastki rama va ikki sathli tirgakni o’zida mujassam etgan ekskavator ishlab berish xususiyatlari oshishini ta’minlovchi konstruktiv o’zgarishlarga ega.  Qazilmalarni qazib olish radiusi 23,4 m, eng yuqori yukni to’kish radiusi 20,9 m, zanjir tasmasi uzunligi 12,55 m, zanjir tasmasi eni 1800 mm.ni tashkil etadigan ushbu gigant kon texnikasini montaj qilish ishlari  qat’iy ish loyihalari asosida olib borilmoqda. EKG-20A ekskavatorini montaj qilish bilan bir vaqtning o’zida undan avvalroq boshlangan EKG-15 ekskavatorini yig’ish vazifalari ham yakuniga yetkazilmoqda. Foydalanishga shay holatga keltirilgan EKG-15 ekskavatori montaj maydonida olib chiqib ketilishi bilan navbatdagi ekskavatorni montaj qilishga bir vaqtning o’zida kirishiladi.

Kon texnikalarini montaj qilish bosqichma-bosqichliklariga qisman to’xtalib o’tadigan bo’lsam, bu 30dan ziyod operatsiyalarni, ekskavatorni montaj sinovlaridan o’tkazish va qabul qilish jarayonlarini o’z ichiga oladi. Ekskavatorning pastki ramasi, zanjir tasmali harakatlantiruvchi qismlari, burilish platformasi, to’rt mashinali agregati, ko’tarish chig’iri reduktori, yoy sektsiyalari kabi o’ndan ortiq asosiy qismlari mingdan ziyod butlovchi va ehtiyot qismlar o’rnatilgan holda jamlanishini o’zida mujassam etadi. N.Hojibekov, B.Sulaymonov, S.Nazarov, M.Arslonboyev, K.Tengaboyev kabi ishlab chiqarish ustalari rahbarligida ta’mir-montajchilar tomonidan barcha montaj ishlari qat’iy asoslarda olib borilishi yo’lga qo’yilgan. S.Malikov, X.Topilov, D.Dehqonov, X.Arslonov, F.Abloqulov, F.Yuldoshboev, T.Niyozov, Sh.Ne’matov singari ta’mirchi-chilangarlarning boy tajribasi montaj vazifalarida ko’zlangan natijaga erishilishiga xizmat qilayapti. Elektrpayvandlovchilar D.Jumanazarov, U.G’oyipov, M.Yunusov, Sh.Bekmatov, M.O’tkirov va R.Murodovlar esa har bir detal qismlarga mustahkam payvandlanishi va o’z o’rniga biriktirilishini ta’minlab borishmoqda. Uchastka jamoasi belgilangan qirq kun ichida dastlabki EKG-20A ekskavatorida montaj ishlarini yakunlash maqsadida zo’r unum va g’ayrat bilan  mehnat qilishmoqda.

Montaj maydonida yig’ilayotgan ekskavatorlar elektr qurilmalarini jamlash, rostlash va sozlash ishlari esa Qalmoqqir kon boshqarmasining A.Alimatov rahbarlik qilib kelayotgan ixtisoslashtirilgan elektr ta’mir ishlari uchastkasi jamoasi tomonidan amalga oshirib borilmoqda. B.Karimov va U.Rahmonov kabi elektr-ta’mirchilarning sa’y-harakatlari hisobiga shu kunlarda EKG-15 ekskavatorining elektr qurilmalarida so’nggi sozlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Kombinat, xususan Qalmoqqir konida dastlab EKG-4, -6 va EKG-8 ekskavatorlari qo’llanilgan. O’tgan asrning 70 yillariga kelib Ijorsk zavodining 8, 6, 3 va 4 m3li ekskavatorlaridan foydalanish yo’lga qo’yilgan. Sobiq Ittifoqda birinchilardan bo’lib kovsh sig’imi 12,5 m3 bo’lgan ekskavatorlar aynan Qalmoqqirda ishlatilgan. 1988-1990 yillardan boshlab EKG-15 va EKG-20 kabi ekskavatorlar kon qazib olish ishlarida kombinat konchilarining yaqin ko’makchisiga aylana boshlagan. Nafaqat respublikamiz, balki jahondagi eng yirik mis-molibden koni hisoblanuvchi Qalmoqqir koni, shuningdek yangi “Yoshlik I” konlarida EKG-15 va EKG-20 yirik zamonaviy kon texnikalarining paydo bo’layotgani ekskavatsiya va kon texnikalarini yangilash asosida OKMK o’zining rivojlanish bosqichiga dadil qadam qo’yayotganidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech