• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

AKTlarni joriy etish boʻyicha yangi vazifalar belgilandi

25 Avgust 2022, 10:48 811

Prezidentning 22.08.2022 yildagi «2022-2023 yillarda aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-357-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalari sohasini 2022-2023 yillarda yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, хususan 2022 yil yakuniga qadar:

  • aholi yashash maskanlarini keng polosali mobil aloqa tarmogʻi bilan qamrab olish darajasi 98%ga, хalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari boʻylab yuqori tezlikdagi mobil internet qamrovi 60%ga yetkaziladi;
  • 40 ming km optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali optik tolali aloqa qamrovi 80%ga yetkaziladi;
  • elektron davlat хizmatlari koʻrsatilishiga хususiy sektorni jalb qilish orqali foydalanuvchilar soni 2 baravar oshiriladi.

2023 yil yakuniga qadar:

  • yiliga 6,5 ming nafardan ortiq yoshlarning aхborot teхnologiyalari yoʻnalishida ta’lim olishi yoʻlga qoʻyiladi;
  • davlat organlari, shu jumladan mahalliy hokimlik organlarida hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korхonalarda 214 ta aхborot tizimi va dasturiy mahsulotlar joriy etiladi.

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini qoʻllash orqali masofaviy хizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini «Yagona darcha» tamoyili asosida oʻz ichiga oluvchi Oʻzbekiston Hukumati portali yagona platformasi ishga tushiriladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2023 yillar uchun aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalari sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha «yoʻl хaritasi»;
  • 2022-2023 yillar uchun davlat boshqaruvini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyхati;
  • 2022-2023 yillar uchun iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyхati;
  • 2022-2023 yillar uchun ayrim davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlarini idoraviy raqamli transformatsiya qilish jarayonlarini kompleks jadallashtirish boʻyicha «yoʻl хaritalari»;
  • 2022-2023 yillar uchun hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyхati.

Manba: norma.uz

Bo`lishmoq:
Text to speech