• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasida jamoa shartnomasi bajarilishi qoniqarli

08 Fevral 2023, 13:43 723

Joriy yilning 7-fevral kuni "Metallurg" MSda Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasida “OKMK jamoa shartnomasining 2022-yildagi ijrosi va 2023-2025 yillar uchun Jamoa shartnomasi loyihasi muhokamada” mavzusida 2022yil yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda OKMK xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi Bosh mehnat huquq inspektori Mirshohid Mavlyanov hamda delegatlar ishtirok etishdi.

IOB boshlig‘i Kamola Umaraliyeva va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Farog‘at Matkarimovalarning o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'ruzalari tinglandi.

Jumladan, Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi tarkibida 16 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlari va 18 ta ijtimoiy soha ob'ektlari mavjud.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining ehtiyojlari uchun 68 607,4 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, amalda 61 025,4 million so‘m sarflandi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlariga yil davomida kuniga o‘rtacha 3 296 nafar bolalar tashrif buyurishib reja 102,7 foizga bajarildi. Oyiga 1 nafar bolani parvarishlash uchun 1 543,9 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, reja 1 718,5 ming so‘mni tashkil etgan edi.

“Nuroniy” faxriylar uyida 859 nafar dam olib, bepul ovqatlanishgan bo‘lsa, reja 1 320 tani tashkil qilgan edi.

Har oy 516 nafar 2-jahon urushi qatnashchilariga, mehnat faxriylariga, kombinatning sobiq ishchilariga 7 xil turdagi oziq-ovqat jamlanmalari ajratildi.

Shu bilan birgalikda ish beruvchi va kombinat kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehnat faxriylariga, kombinat va shaharning ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga “Navro‘z”, “Xotira va qadrlash kuni”, “Konchili va metallurgiya sanoati xodimlari kuni”, “Mustaqillik bayrami”, “Ro‘za hayiti”, “Qurbon hayiti” hamda “Yangi yil” bayramlari uchun ham 9 xil turdagi oziq-ovqat jamlanmalari sovg‘a sifatida ajratildi. 

2022-yilda Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida IOBning respublika bo‘ylab jami 4319 o‘rinli 5 ta Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari kombinatimizda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar farzandlariga (8 yoshdan 14 yoshgacha) yozgi ta'til vaqtida bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun xizmat ko‘rsatdi.

Shuningdek, 2022-yilda “Oltin-Olma” pansionatida 11 281 kishi dam oldi. Xususan, ularning 6 296 nafari kombinat xodimlari, 4 985 nafari oila a'zolaridir.

2022-yilda “Delfin” akvabog‘iga 16 500 nafar odam tashrif buyurdi jumladan: 9 310 nafari kattalar, 7 190 nafari bolalar.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha ob'yektlarining ehtiyojiy xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali elektr energiyasi, yoqilg‘i-moylar materiallari, gaz, suv va boshqa resurslardan 1 706,7 mln. so‘mlik tejamkorlikka erishildi.

2022-yilda 138 nafar dam oluvchilar uchun mo‘ljallangan “Moviy tog‘lar” dam olish maskani rekonstruksiya qilindi. 39-sonli MTTda ham mukammal ta'mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. “Vesna” mehmonxonasi negizida yana bir 4 qavatli 102 o‘rinli zamonaviy mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi 2023-yilda o‘z oldiga ustuvor vazifa sifatida Sanatoriy-profilaktoriya, “Tong” BSO, “Xondiza-Parvoz” BSO, "Moviy tog‘lar" dam olish maskani, "Oltin-olma" pansionati, “Metallurg” MS, “Metallurg”sport inshootlari "Bolajon" bolalar bog‘i, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, “Nuroniy” faxriylar uyi hamda IOB ma'muriy binosida joriy ta'mirlash ishlari, shu bilan bir qatorda 33-MTTda mukammal ta'mirlash ishlarini olib borishni, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini yozgi mavsumga tayyorlash, kombinat miqyosida madaniy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish, kombinat mehnatkashlari va ularning oila a'zolarining salomatligini mustahkamlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

- Inson manfaatlari hamma narsadan ustun degan ezgu g‘oya kasaba uyushmasi faoliyatining bosh bo‘g‘inidir, - deydi F.Matkarimova. - Kasaba uyushmasi tomonidan jamoa shartnomasi orqali kam ta'minlangan oilalar vakillariga, pensiya yoshiga yetgan xodimlarga, nogironlarga, ishlayotgan ayollar va yoshlarga ijtimoiy ko‘maklar berilishi ustidan muntazam monitoring olib borilib, 2022 yilda jamoa shartnomasi orqali qator ijtimoiy ko‘maklar ko‘rsatildi.

Jumladan, Kasaba uyushmasi – xotin-qizlarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida 20 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta'tilda bo‘lgan onalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

“Kasaba uyushmasi - bolalarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida ko‘p bolali, nogiron farzandi bor ishchi-xodimlarning 20 nafar farzandlari uchun o‘quv qurollari xarid qilish  harajatlari qisman qoplandi.

“Kasaba uyushmasi - faxriylarga” ijtimoiy aksiyasi doirasida ikkinchi jaxon urushi va mehnat fronti qatnashchilari, baynalminal-jangchilar, Chernobil fojiasi qatnashchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlar va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga Navro‘z bayrami, Xotira va qadrlash kuni, Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni, Mustaqillik kuni, Ro‘za va Qurbon xayitlari va Yangi yil bayrami munosabatlari bilan 48 ta oziq-ovqat jamlanmasi manzilli yordam tariqasida yetkazildi.

Yangi yil bayrami arafasida “Bola qalbi – quvonchga to‘lsin!” deb nomlangan ijtimoiy aksiya doirasida ko‘p bolali va nogiron farzandi bor xodimlarning farzandlari uchun yangi yil qaxramonlari Qorbobo va Qor qiz timsolida yangi yil sovg‘alari bilan 2 nafar xodimlar xonadonlariga tashrif buyurildi.

Jamoa shartnomasida nafaqat kombinat ishchi-xodimlari uchun, balki kombinatda ishlab hozirgi kunda nafaqa gashtini surayotgan nafaqaxo‘rlar uchun ham imtiyoz va kafolatlar belgilangan. Xususan, 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan 16 nafar ishlamaydigan nogiron nafaqaxo‘rlar holidan xabar olindi.

Ohangaron shahridagi “Muruvvat” qariyalar uyi  bemorlari (395 nafar)  uchun madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etilib, bayram dasturxoni va bayram oshi tashkil etildi.

Jamoa shartnomasining 9.10 bandiga asosan har oyda 7 nafar yolg‘iz yordamga muhtoj nafaqaxo‘rlar “Nuroniy” faxriylar uyida bepul ovqatlantirildi.

Jamoa shartnomasiga asosan, Kasaba uyushmasi hisobidan ijtimoiy ob'ektlar boshqarmasida ishlab kelayotgan xodimlarning 119 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. 16 nafar “Qand” kasalligi bilan og‘rigan xodimlarga moddiy yordam ajratildi.

Ijtimoiy himoya sohadagi ishlarni amalga oshirishda xodimlarni sog‘lomlashtirish va ularning dam olishlarini tashkil etish muhim o‘rin tutadi. Shu o‘rinda, Respublikamiz sanatoriylarida 58 nafar xodimlar sog‘lomlashtirildi, ulardan 9 nafari oila a'zolari, 2 nafariga bepul yo‘llanma berildi.

Xodimlarning ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, ularda Vatanga sadoqat hissini singdirish maqsadida kombinat kasaba uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” shiori ostida 128 nafar Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi ishchi-xodimlarini yurtimizning Farg‘ona, Xiva, Samarqand va Buxoro shaharlariga sayoxatlari tashkil etildi.

Jamoa shartnomasining 11-bo‘limi ayollar mehnatini tartibga solish. Ayollarga va oilaviy vazifalarini bajarish bilan mashg‘ul shaxslarga beriladigan qo‘shimcha kafolat va imtiyozlardir. Xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: mehnat va yashash sharoitlari holatini monitoring qilish, shaxsiy himoya vositalarini ta'minlash, ayollarning ruxsat etilgan maksimal yuklamalariga rioya qilish, ish vaqti va qonun hujjatlariga muvofiq dam olish. Bu borada jamoatchilik nazorati kasaba uyushmaning xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi tomonidan amalga oshirildi.

Xotin-qizlarning jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy faolligini oshirish maqsadida voleybol, basketbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, quvnoq startlar, stritbol, velosport, yengil atletika kabi sport tadbirlari va oilaviy musobaqalar o‘tkazildi.          

2022-yilda kombinat kasaba uyushmasi tomonidan mehnatkashlarimizning 102 nafar aziz farzandlarini barcha chora-tadbirlariga rioya etgan holda  “Metallurg” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida – 24 nafar, “Gulzor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida – 40 nafar, 1 nafari bepul,  “Istiqlol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida – 14 nafar “Tong” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida – 24 nafar,  ulardan 1 nafari bepul,  bolalar sog‘lomlashtirildi.

Joriy yilning rejasiga muvofiq Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yig‘ilishlarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi holati, mehnat va ishlab chiqarish intizomi holati, Ijtimoiy ob'yektlar boshqarmasi korxona va bo‘linmalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta'minlash maqsadida amalga oshirilgan tayyorgarliklar xaqida, kasaba uyushmasi a'zolarining kasallanish, dam olish  va sog‘lomlashtirish tahlili kabi  masalalar ko‘rib chiqildi.

Kasaba uyushmasi a'zolarining xuquqiy savodxonligini oshirish, kasaba uyushmasi faollarini va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillarni o‘qitish ishlari tashkillashtirildi.

Ish rejasiga ko‘ra maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Yosh kitobxon”  ko‘rik-tanlovi, korxona va bo‘linmalarida 8-mart xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “Ayol borki, olam munavvar!” nomli tanlov, Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuniga bag‘ishlangan maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida spartakiada musobaqalari, “1-iyun - Bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlangan bayram dasturi, Ijtimoiy ob'ektlar boshqarmasi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida mehnat qilayotgan musiqa rahbarlari  o‘rtasida kasb mahorati bo‘yicha “Yil musiqa raxbari - 2022” ko‘rik-tanlovi, korxona va bo‘linmalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan “Sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda” va “Jamiyatda ayolning o‘rni” mavzusi doirasida tor mutaxassisli shifokor bilan uchrashuv, “Kitobxonlik kechasi”, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan kasaba uyushmasi faollari bilan uchrashuv va Kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan bayram dasturi  kabi tadbirlar amalga oshirildi.

Bundan tashqari “Rahbar ma'naviyati, Rahbarning boshqaruv madaniyati”  “Ma'naviyat va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlikning muhim asosidir”, “Biz ma'rifatli islom tarafdorimiz!” ,  “Yangi O‘zbekiston mening nigohimda”, “Ona tilim – jonu dilim”, “Oila – ma'naviyat qo‘rg‘oni”, “Yoshlarning ma'naviy qiyofasi” , Ota-onaga izzat-hurmat, oilaga sadoqat va g‘amxo‘rlik – shaxs ma'naviyatining yuksak ifodasidir”, “Konstitusiya va Qonun talablariga qat'iy rioya qilish ma'naviy saviyamiz va madaniyatimiz mezoniga aylanishi shart” mavzusida ma'naviyat soatlari o‘tkazildi.

Tadbirda delegatlar tomonidan 2023-2025 yillar uchun Jamoa shartnomasiga o‘zgartirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, kombinat ishchi-xodimlarining bog‘chaga navbat qo‘yishni onlayn tarzda amalga oshirishni takomillashtirish, “Oltin olma” pansionatiga yo‘llanmalar berilishida ishchi-xodimning farzandlari yoshi chegarasini o‘zgarishtirish hamda pensionerlarning oila a'zolariga ham yo‘llanmalarni ajratilishi kabi takliflar bildirildi.

Tadbirda IOB delegatlari tomonidan 2022-yil jamoa shartnomasining bajarilishi qoniqarli deb baho berildi. Shuningdek, IOBdan kombinat konferenciyasiga 3 nafar delegat ham saylanib, yig‘ilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Axborot xizmati

 

Bo`lishmoq:
Text to speech