• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Nemis ishbilarmon guruhlari OKMKda

28 Mart 2023, 17:30 1964

Mamlakatimiz va Germaniya davlati o‘rtasida bir necha yillardan buyon o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Shuningdek, ushbu aloqalar doirasida Germaniya davlati kompaniyalari va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham faol ravishda hamkorlik qilib kelishayapti.

Bugun ushbu hamkorlik aloqalari doirasida kombinatga Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyo hududidagi vakilligi hamda nemis ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari kombinat tarkibiy bo‘linmalariga borishdi. Jumladan, Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlaridagi texnologik jarayonlar hamda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi bilan tanishishdi.

Mehmonlar kombinatda mahalliylashtirish dasturining bosh ijrochisi bo‘lgan Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida amalga oshirilayotgan ishlarni ham ko‘zda kechirishdi.

Bundan tashqari, kombinat rahbariyati bilan nemis delegatsiyasi o‘rtasida kelgusidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Ma'lumot uchun: hamkorlik aloqalari doirasida 2022-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqtisodiy forumda Germaniyaning BASF konserni, Helaba banki, “Menzel”, Takraf GmbH kabi kompaniyalari bilan bir qator manfaatli shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, Chirchiq shahrida kombinat va Germaniya davlati bilan hamkorlikda “Deutsche IT-AGMK” qo‘shma korxonasi ham tashkil etilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi uchun Germaniyaning AUMUND Fördertechnik kompaniyasi tomonidan 54 dona zanjir tasmali plastinasimon konveyer lentalarini ham yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

2022-yilning may oyida Rux zavodida 6-sonli sulfat kislotasi sexini qurish bo‘yicha Germaniyaning “Metso: Outotec” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan.

Shuningdek, “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida Markaziy ta'mirlash mexanika zavodiga Germaniyadan Gleason P2000 va Gleason P8000 tishli frezer uskunalari olib kelingan.

Bundan tashqari, kombinat va Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Bugun yana Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurdik. Delegasiyamiz tarkibida yirik korxona vakillari borligidan ham ularning kombinatga katta qiziqishi balandligini anglash qiyin emas. Biz kombinat bilan uzoq yillardan buyon manfaatli hamkorlik qilib kelayapmiz va bu hamkorlik rishtalarini kelgusida ham davom ettiramiz. O‘ylanmanki bugungi tashrif ham har ikki tomon uchun foydali bo‘ldi. Ishbilarmonlarimiz kombinat bilan yaqindan tanishdilar,- deydi Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech