• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

G‘urur va iftixor timsoli

07 Dekabr 2022, 12:39 1602

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi, qadrli hamshaharlar!

Avvalo sizlarni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yillik ayyomi bilan chin dildan samimiy qutlayman!

Aytish mumkinki, ayni kunlarda bu bayram qalblarimizga quvonch va shukuh bag‘ishlab, oilalarimizda, mehnat jamoalari, ta'lim maskanlari, mahallalarda shod-u xurramlik bilan nishonlanmoqda. Zero, hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilayotganligi bilan qadrlidir.

Ta'kidlash lozim, o‘tgan 30 yil davomida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining aso siy yo‘nalishiga aylandi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, xalq bilan doimiy muloqot qilish faoliyatimiz mezoni etib belgilandi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan ta'minlash, tibbiyot va ta'lim sohalaridagi muammolar, majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiyaga qarshi kurash masalalari keng jamoatchiligimiz ishtirokida hal etilayotgani muhim rol o‘ynamoqda.

Bugun yurtdoshlarimiz uchun mamlakatning hohlagan hududida emin-erkin yashash, uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, bilim olish, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishga oid keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlarni har bir inson kundalik hayotida ko‘rmoqda, his etmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo‘lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Bosh Qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatiga tayanib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida mardona borayotgan ko‘p ming sonli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir ishchi-xizmatchining konstitusion huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, muhtaram faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta'minlash yo‘lida diqqatga molik ishlar olib borilayapti.

O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan jamoamizga “Bolalar yozgi dam olishini tashkil etgan namunali tashkilot” nominatsiyasi g‘olibligi berilishi, Oliy Majlis Senati tomonidan “Gender tengligi faoli” respublika tanlovida e'tirof etilishi kombinatning mazkur yo‘nalishlardagi yuqori yutuqlaridan dalolat beradi.

Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta'minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kombinat tomonidan nafaqat mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari, balki Rossiya Federatsiyasining “MISiS” Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti, Germaniya Federativ respublikasining Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, Koreya respublikasi hamkorligida tashkil etilgan INHA va ADJU universitetlari hamda boshqa xorij OTMlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Kombinat mehnatkashlari tomonidan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish megaloyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, 3-Mis boyitish fabrikasi, yangi metallurgiya kompleksi qurilishi, Mis sanoati klasterining rivojlantirilishi, nodir metallarni ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi, yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishining o‘zlashtirilishi qo‘shimcha minglab ish o‘rinlari yaratilishini ta'minlaydi, bu yangi ish o‘rinlariga esa asosan o‘zimizning yoshlarimiz ishga qabul qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi el-yurtimizning ulkan intilish va irodasi bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Barchamiz ana shu ulug‘ maqsad yo‘lida yanada jipslashib, g‘ayrat-shijoat va mas'uliyat bilan fidokorona mehnat qilsak, ko‘zlagan yuksak marralarimizga albatta yetamiz.

Aziz va qadrli hamkasblar!

G‘urur va iftixorimiz, qolaversa, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qat'iy nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoya bo‘lgan Konstitutsiyamiz har birimizning hayotimizga baxt-saodat va quvonch olib kelsin. Sizlarni yana bir bor Konstitusiya kuni bayrami bilan muborakbod etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman. Yurtimiz iqtisodiy salohiyati yo‘lidagi samarali mehnatlaringizga zafarlar yor bo‘lsin. Jamiki ezgu orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

Oliy Majlis senati a'zosi

Bo`lishmoq:
Text to speech