• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jasoratingiz oldida ta'zim qilamiz

08 May 2023, 13:37 1131

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, olmaliqliklar!

Aziz urush va mehnat faxriylarini xotira va qadrlash kuni bilan olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi nomidan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysizlar!

Siz fashizmga qarshi kurashdagi qahramonligingiz, front ortidagi fidokorona mehnatingiz uchun chuqur hurmatga loyiqsiz. Biz sizning jasoratingiz oldida ta'zim qilamiz va o‘tganlarning xotirasini yod etamiz.

Insoniyat tarixidagi mash'um Ikkinchi jahon urushida mamlakatimizdan 1,5 milliondan ortiq kishi qatnashgan. Urushda yurtdoshlarimizning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘lgan. 133 mingga yaqini bedarak yo‘qolgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘z taraqqiyot yo‘lini tanladi. Tinchlik va osoyishtalik tufayli iqtisodiyot, sanoat va ijtimoiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik. “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi O‘zbekistonni strategik rivojlantirish va qurish yo‘lida olg‘a yurishda davom etamiz.

Xalqimiz o‘zaro birdamligini yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Referendumida ko‘rsatdi. Unda shahrimizning deyarli barcha aholisi ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi o‘zgartirishlarini qo‘llab-quvvatladi.

Bu davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida aholi turmush darajasini oshirish, barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar samarasidir.

Har birimiz o‘zimizning halol va fidokorona mehnatimiz bilan O‘zbekiston qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shayapmiz. Xususan, mehnat jamoamiz Respublika rangli metallurgiyasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, “Yoshlik I” konini”, 3-misni boyitish fabrikasi qurilishini jadallashtirish va yangi metallurgiya majmuasi hamda 4-Mis boyitish fabrikasi kabi loyihalarni amalga oshirish vazifalarini bajarayapti. Shuningdek, Olmaliq shahridagi tibbiy-sanitar qism va tug‘ruqxonani rekonstruksiya qilish kabi ijtimoiy sohadagi qator loyihalarni ham amalga oshirish ustida ishlamoqda.

Shu jumladan, “Olmaliq KMK” AJ Vatanimizning iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash istiqbollarini kengaytirish ustida doimiy ravishda ish olib bormoqda. Uning barobarida urush va mehnat fronti qatnashchilari, ishlab chiqarish faxriylariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini yildan-yilga oshirib bormoqdamiz. Shu ma'noda joriy yil Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Nurafshon shahrida foydalanishga topshirilgan “Nuroniylar maskani” binosining qurilishida ham o‘z homiylik yordamimizni ko‘rsatdik.

Olmaliq shahrida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, asfaltlash, uy-joy qurish, istirohat bog‘lari tashkil etish, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ta'mirlash ishlari ham olib borilmoqda.

Hurmatli olmaliqliklar, mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylariga hamisha chuqur ehtirom ko‘rsatib kelinayapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga binoan har bir urush qatnashchisi va nogironiga bayram munosabati bilan joriy yilda 18 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. Shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvining qaroriga ko‘ra, urush faxriylari, mehnat fronti qatnashchilariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Afg‘on urushi qatnashchilari va Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar hamda yolg‘iz va kam ta'minlangan OKMK mehnat faxriylari ham e'tibordan chetda qolmaydi.

Aziz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari!

“Olmaliq KMK” AJ mehnat jamoasi nomidan Sizlarning urush yillarida ko‘rsatgan va urushdan keyingi yillardagi jangovar qahramonligingiz, fidokorona mehnatingiz uchun chuqur minnatdorchilik so‘zlarini aytmoqchiman. Sizlarga, oilangizga, farzandlaringizga va nabiralaringizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik tilayman!

Chin qalbimdan barchangizni Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan tabriklayman!

Mamlakatimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin! Muvaffaqiyat har birimizga barcha yaxshi ishlarda hamroh bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

Oliy majlis senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech