• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

O‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

30 Sentyabr 2022, 10:23 1538

Hurmatli ustozlar, mehridaryo o‘qituvchilar, fidoyi murabbiylar!

Sizlarni yurtimizda har yili katta ehtirom bilan nishonlanib kelinayotgan 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

Ustoz... Bu birgina so‘z zamirida cheksiz ummon kabi keng ma’no mujassam. Maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yganimizda qo‘limizdan tutib harf o‘rgatgan, bizga oq-u qora, yaxshi-yomondan saboq bergan zot ham, ustoz!

Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy aytganlaridek:

“Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qutmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.”

Shunday ekan, Siz azizlarning zahmatli mehnatingizni qancha ulug‘lasak shuncha oz.  

Darhaqiqat, bugun ustoz-u murabbiylarning mehnatlari tahsin va e’tirofga sazovor.  Kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizni Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyatingizni buyuk jasoratga qiyoslasak adashmaymiz.

Muhtaram yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida, Siz aziz ustoz va murabbiylarning, o‘qituvchi va muallimlarning o‘rningiz beqiyos.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ham kadrlar va ta’lim sohasi alohida o‘rin kasb etadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘qituvchilarning, ustoz va murabbiylarning mavqeini oshirish, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, zamon standartlari asosidagi innovasion o‘quv dargohlari va Prezident maktablarini tashkil etish, nodavlat ta’lim xizmatlari sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu  yosh avlodga saboq berishning mutlaqo yangi sifat darajasini yaratish imkonini beradi.

Bunga misol tariqasida Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti Moskva po‘lat va qotishmalar instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiallari shahrimizda tashkil etilganini ko‘rsatsak bo‘ladi. Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan Toshkent viloyatida ham yangi oliy ta’lim muassalarini bunyod etish haqida ma’lum qilindi. Bularning barchasi ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilganini bildiradi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham maktabgacha ta’lim tashkilotlariga hamda maxsus ixtisoslashtirilgan maktablarga doimiy e’tibor berib kelinmoqda. Joriy yilning 29 avgust kuni kombinat bunyodkorlari tomonidan qisqa fursatda to‘liq zamonaviy qiyofaga keltirilgan 39-sonli “Oltin beshik” maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 1-oktabr sanasidan esa 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’mirlash ishlari boshlanadi.

Shuningdek, shahrimizdagi 80-sonli maxsus internat maktab, 6-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab, Piskent tumanidagi maktab internat, Angren shahridagi maktab internati o‘quvchilari ham hamisha e’tiborimizda.

Kombinatda milliy qadriyatlarimizning amaldagi ifodasi sifatida “Ustoz-shogird” an'anasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda yangi ishga kirgan yosh xodimga tajribali mutxassis biriktiriladi. Ushbu mexanizm yillar davomida shakllanib, yosh xodimga o‘z kasbini puxta o‘zlashtirishida hamda yetuk mutaxassis bo‘lishida muhim rol o‘ynamoqda.

Taqdim etilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar tufayli yurtimiz yoshlari hayotning turli jabhalarida o‘z bilimi, ijodkorligi, iqtidorini ishonch bilan namoyon etmoqda.

Uzoqqa bormaylik, joriy yilning avgust oyida Hindistonda o‘tkazilgan 44-Butun jahon shaxmat olimpiadasida yosh sportchilarimiz dunyoning mana-man degan shaxmat ustalarini mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga  kiritdi. Ushbu g‘alabalari bilan yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini isbotlashdi. Kuni kecha yurtimizning yana bir iqtidorli yosh sportchi qizimizni tanatanali kutib oldik. Umidli sportchi qizimiz Munisa Ashurbekova tennis bo‘yicha Quvaytda xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi. Bu kabi muvaffaqiyatlar zamirida, albatta, siz aziz ustozlarning salmoqli hissangiz bor.

Hurmatli xalq ta’limi xodimlari, murabbiylar, faxriylar, ustozlar!

Sizlarni yana kasb bayramingiz bilan tabriklab, zahmatli mehnatingizda muvaffaqiyatlar, yuksak natijalar va ijodiy yutuqlar tilab qolaman! Sizga va yaqinlaringizga baxt-saodat, sihat-salomatlik va farovonlik yor bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

Olmaliq KMK AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech