• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Vatanimiz va xalqimiz manfaati uchun mehnat qilamiz!

20 May 2023, 15:47 1734

Qadrli kombinat mehnatkashlari, hurmatli ishlab chiqarish faxriylari!

Barchangizni kasb bayramingiz - konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman!

Joriy yilda biz o‘z bayramimizni yangi natijalar va istiqbollar bilan qarshi olayapmiz. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan kombinat jamoasi olamshumul loyiha - “Yoshlik I” kon maydonini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda. Uning doirasida yangi temiryo‘llar, aloqa tarmoqlari va “Olmaliqsoy zahira koni” hamda “668 Raz'yezd-“Otvalnaya” ayriboshlash stansiyalari peregonini ta'minlovchi ikki yo‘lli tarmoqlarni foydalanishga topshirdik. 3-MBFga kirib boruvchi yangi temiryo‘l qurib bitkazildi. Shuningdek, “Yoshlik I” karyeri infratuzilmasiga muvofiqliqdagi tashqi suv ta'minoti va suv chiqarish tarmoq shoxoblari ham foydalanishga topshirildi. “Yoshlik I” kon maydoni geologik tahlillarini saqlash uchun Kovuldi konining ruda tayyorlash uchastkasida yangi kern saqlash ombori hamda Markaziy ta'mirlash-mexanika zavodining 2-Mexanika-yig‘uv sexi qurildi. MTMZning tog‘-kon shaxta uskunalari uchastkasi kengaytirildi.

3-Mis boyitish fabrikasining birinchi texnologik liniyasini joriy yilning sentyabr oyida ishga tushirish bo‘yicha shijoatli ishlar olib borilmoqda. Mazkur obyektning ishga tushirilishi yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlab, 1 million tonnadan ortiq mis kosentratlari ishlab chiqarish va batamom yangi darajaga chiqish imkonini beradi. Yillik quvvati 300 ming tonna mis katodini tashkil qiladigan yangi metallurgiya kompleksi loyihasini tayyorlash ishlari ham jadal olib borilmoqda.

Bularga parallel ravishda yillik quvvati 60 million tonna rudani qayta ishlashni tashkil qiladigan 4-Mis boyitish fabrikasini loyihalashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, shu jumladan asosiy va yordamchi obyektlar, muhandislik kommunikatsiyalari va chiqindilarni saqlash omborining joylashtirilishini belgilash vazifalari bajarilayapti.

Jizzax viloyatidagi Uch-quloch polimetall konida ishlarni to‘liq tiklash maqsadida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Ushbu olamshumul loyihalarning barchasi nafaqat ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshiradi, balki minglab odamlarni ish bilan ta'minlaydi.

Ayni kunga kelib bizning istiqbollarimiz birgina kon qazib olishlar bilan bog‘liq bo‘lib qolmay, OKMK chuqur qayta ishlanishli mahsulotlar ishlab chiqarishi bilan ham investorlar e'tiborini tortmoqda. Dunyoning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari biz bilan sof noyob tuproq metallari va dolzarb qotishmalarni olish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. So‘nggi vaqtlarda Germaniya biznesi doiralari, banklari va ta'lim muassasalari bilan aloqalar kengayib borayapti.

Kombinat rivojlanishi bilan bir vaqtda shahar ham rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratilayapti, shahar aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlari shakllantirilmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida kombinat tomonidan “Yashil makon” Davlat dasturi doirasida minglab kvadrat metr avtoyo‘llarga, unga tutash ko‘p qavatli uylar oldi va ichki hududlariga asfalt yotqizildi, yuz minglab gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Faoliyatimizning ulkan yo‘nalishi ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilish va qurishga qaratilgan.

Kasb bayrami arafasida biz foydalanishga topshirayotgan obyektlar yuqorida keltirilgan fikrimizning yorqin dalilidir. Bular Mis boyitish fabrikasidagi 7-monoseksiya, molibden uchastkasining 1-navbati, MEZ Nodir metallarni olish sexidagi 5-pech, sovutish minorasi, ishchilar shaharchasi va “Yoshlik I” kon maydonini o‘zlashtirish direksiyasi ofisining ochilishidir. Bularga parallel ravishda rekonstruksiyadan so‘ng “OKMK” sport kompleksi maydoni, OKMKning “Rangli metallurgiya” tibbiy-sanitariya qismi ochiladi, tug‘ruq majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

So‘nggi ikki-uch yil davomida amalga oshirilgan ishlarga baho berib, ishonch bilan aytish mumkinki, bularning barchasiga faqat haqiqiy professionallar, chin ma'nodagi o‘z kasbining ustalari, ko‘zlangan maqsadlarga yetishish yo‘lida jipslashgan mutaxassislar qodirdir. Faqat shunday jamoa mamlakatimiz hukumati tomonidan qo‘yilgan vazifalar bajarilishiga hammaslakdir va biz bu vazifalarni bajarishga dadil kirishganmiz. Kombinatning kelajagi nihoyatda ulug‘vor, istiqbollar uchun poydevori mustahkam, uni esa biz har kuni sharafli mehnatimiz bilan tobora yaqinlashtirib borayapmiz.

Fursatdan foydalanib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining butun mehnat jamoasini kasb bayrami - konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan muborakbod etaman! Biz amalga oshirib borayotgan barcha xayrli ishlar, faxriylarga yordam, sog‘liqni saqlash va xalq ta'limi, ixtisoslashtirilgan ijtimoiy muassasalar obyektlarida olib borilayotgan rekonstruksiya va ta'mirlash, obodonlashtirish ishlari shaksiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati barcha mehnatkashlarining xizmatidir.

Bugun korxonamiz jamoasi ishlab chiqarish faoliyatining barcha bashorat ko‘rsatkichlarining barqaror bajarilishini, respublikamiz uchun nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan investitsiyaviy loyihalar ijrosini ta'minlabgina qolmay, balki Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yilida mamlakatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Men barchangizga fidokorona mehnatingiz, mamlakatimiz rahbariyatining bizga bildirayotgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildiraman va biz o‘z oldimizga qo‘yilgan topshiriqlarni albatta uddasidan chiqamiz!

Sizga va oilangizga sog‘lik, baxt, farovonlik va zafarlar yor bo‘lsin! Ko‘zlangan maqsadlar uchun kuch-g‘ayrat va shijoat, yuksak bilim va ona-Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish tuyg‘usi doimo bizga hamroh bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech