• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda eng yaxshi yosh muhandis-quruvchilar saralandi

15 Avgust 2022, 8:35 1572

OKMK bo’linmalarida 100ga yaqin turli sohalar mutaxassislari o’z faoliyatini olib boradi. Ularning bilim va ko’nikmalarini sinovdan o’tkazish maqsadida Kombinat Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan har yili kasb mahorati tanlovlari o’tkazib kelinadi. Navbatdagi mahorat musobaqasida muhandis-quruvchilar ishtirok etdi.

10 avgust kuni O’quv markazi binosida o’tkazilgan “Eng yaxshi yosh muhandis-quruvchi” tanlovida 40 ga yaqin soha vakillari bahslashdi. Ayni yo’nalishda kombinat bo’linmalarida o’z faoliyatini olib borayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar dastlab nazariy bilimlarini sinovdan o’tkazdi.

Belgilangan vaqt oralig’ida berilgan 30 ta  test savollariga  eng ko’p to’g’ri javob bera olgan 10 nafar qatnashchi ikkinchi bosqichga yo’llanma oldi.

Ushbu bosqichda ishtirokchilar yakka tartibda hakamlar tomonidan muhandis-quruvchilar faoliyatining zaruriy yo’nalishlari bo’yicha savollarga javob berishib, binolarning loyiha chizmalarini belgilangan tartibda tasniflashdi.

Nafaqat atrof muhitning tuzilishi va holatiga balki insonlar turmushiga ham o’z ta’sirini o’tkaza oladigan mazkur soha vakillari uchun doimiy yangiliklar ortib boraveradi. Bilimini va tajribasini mustahkamlab bormagan quruvchining esa xatolari ko’payadi.

Eng munosiblar saralangan tanlov natijalariga ko’ra, Loyiha ishlari boshqarmasi loyilahovchi muhandisi Shohrux Berdiyev 3-o’rinni egalladi.

Ixtisoslashtirilgan ta’mir ishlari boshqarmasi muhandis-duradgori Umarodil Jumanov 2-o’rinnga loyiq ko’rildi.

Kapital qurilish boshqarmasi quruvchi muhandisi Rasul Erkinov 1-o’rinni egallab, “Eng yaxshi yosh muhandis-quruvchi” nomiga sazovor bo’ldi.

Zahira kadrlar safini to’ldirgan tanlov g’oliblari kombinat Kasaba uyushmalari Kengashi tomonidan esdalik sovg’alari bilan rag’batlantirildi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech