• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Sanoat turizmi o‘zaro tajriba almashishni ta'minlaydi

25 Aprel 2023, 8:36 1266

Ish samaradorligini oshirishda o‘zaro tajriba almashish, takliflarni inobatga olish muhim sanaladi. Zero, fikr-mulohazalar asosida kirishilgan har qanday yumush ancha salmoqli bo‘ladi. Kasb doirasida o‘rnatilgan hamkorlik esa har ikki tomon uchun ham foydadan holi emas. Bu orqali yangi g‘oyalar, ishlanmalar, innovatsiyalar vujudga keladi.

Shu bois kuni kecha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining turli bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan 24 nafar yoshlar uchun Toshkent metallurgiya zavodiga sanoat ekskursiyasi tashkil etildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad – yoshlarni yangi texnologiyalar bilan tanishtirish, har ikkala korxonaning ishlab chiqarish jarayonini solishtirish va bu orqali ularning dunyoqarashini hamda tajribalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Ma'lumot o‘rnida rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqaradigan zavod O‘zbekistondagi eng yirik va zamonaviy sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi.

Ushbu korxona texnik va texnologik jihatdan xalqaro miqyosdagi yirik majmualar qatoriga kiradi. Bu yerda Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi 27 ta mamlakatdan asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish, nazorat qilish va boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan.

Eng muhimi, zavodda “yashil” texnologiyalar qo‘llanilgan. Chiqindilarni qisqartirib, qat'iy ekologik me'yorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.

Bularning barchasi bilan ekskursiya davomida kombinat yoshlari yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, zavodda yoshlar siyosati, ishchi xodimlarga yaratilgan munosib mehnat sharoitlari va imtiyozlar xususida ham o‘zaro fikr almashildi.

Muxtasar aytganda sanoat turizmi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech