Yangiliklar

Orastalik posbonlari

on .

Har sahar ish, o’qish va o’z yumushlarimiz bilan yo’lga otlanar ekanmiz, subhi sodiqdan bejirim ish libosini kiyib olgan opa-singillarimiz ko’chalarni tozalab, supurib-sidirayotganlariga ko’zimiz tushadi. Ular tozalab o’tgan yo’llarga fayzu baraka yog’ilayotgandek go’yo.

Shu haqda o’ylarkanman, bir voqea yodimga tushadi: bobosining qo’lini ushlab borayotgan bolakay ro’paraga kelib to’xtagan axlat tashiydigan mashina va uning ishchilarini ko’rsatib: “Qarang, bobo, axlatchilar kelishdi”, desa, mo’ysafid unga: “Ular axlatchilar emas, axlat tozalovchilar. O’tirgan, yurgan joyini iflos qilib, chiqindilarini tashlab ketadiganlar - axlatchilar, bolam”, deydi…

Bugun ana shunday mas’uliyat, o’z o’rnida iroda talab etadigan yumushlarni yelkasiga olib, shahrimiz obodligi, hamshaharlarimiz farovon turmushini ta’minlash yo’lida o’zlarining beminnat hissalarini qo’shib kelayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi ishchi-xodimlarining xizmatlarini e’tirof etmay iloj yo’q. Ayniqsa, qishning qahratoni-yu yozning jaziramasiga qaramay o’z vazifalarini sidqidildan bajarishga odatlangan ko’cha tozalovchi farrosh opa-singillarimizning g’ayrat-shijoatlari har qanday tahsinga loyiq. Bu zahmatkashlar har kuni tong sahardan kombinat tasarrufidagi uy-joylar, ko’cha va hiyobonlarni sarishtalab, shaharga fayz kiritishga oshiqadilar. Qish kunlarida esa yo’llarni qor, singan shox-shabbalardan, muzlamalarga sepilgan qumlardan, ariq va zovurlarni chiqindilardan tozalab, aholi xavfsizligini ta’minlashda ham o’z xizmatlarini ayashmaydi.

Nafaqat orastalik, balki har fasl yumushlarini uddasidan chiqib kelayotgan ishchi opa-singillarimiz ayni kunlarda tajribali rahbar Dilorom Usanova yo’lboshchiligida shahrimiz shox ko’chasi va yashash uylari atroflarini xazonlardan tozalashga sidqidildan kirishganlar. Xususan, 1-uy-joylarni ta’mirlash uchastkasi ustasi Shahnoza Marasulova, 2-uy-joylarni ta’mirlash uchastkasi ustasi Dilnoza Irgasheva, ko’cha tozalovchilar Marhabo Soliqulova, Gulchehra Mavlonova, Muxtaram Abdukarimova, Mavluda Mamatboeva, Muborak Shermatova, Sevara Qodirova, Feruza Vahobova, Ziyoda Kushnayeva hamda ishchi Erali Toirovlar belgilangan manzillarda o’z jonbozliklarini ko’rsatishmoqda. Aynan ular kabi fidoyi va jonkuyar insonlar yordamlari ostida shahrimiz kuniga 7-8 ta avtotransport vositalaridagi chiqindilardan tozalanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, har bir mehnatning o’z egasi bo’lgani kabi farroshlikning ham yuqoridagi kabi chin dildan amalga oshiradigan kishilari bor. Eng asosiysi ular tozalik posbonlari, ozodalik hamshiralaridir!

Zahro RAHMONOVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech